O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING 2023-YIL 31-AVGUST, 428-SON QARORI

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING 2023-YIL 31-AVGUST, 428-SON QARORI

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining

qarori

Tashqi reklama va ijtimoiy axborotning aylanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

Tashqi reklama va ijtimoiy axborotni joylashtirish sohasini tizimli tartibga solish, mazkur yo‘nalishda qat’iy nazorat o‘rnatish, tashqi reklama bozorining ishtirokchilari uchun teng imkoniyatlar yaratib, mulk daxlsizligini ta’minlash hamda sohaga oid munosabatlarni raqamlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. Belgilansinki, 2023-yil 1-dekabrdan boshlab:

tashqi reklama bozori ishtirokchilari uchun teng sharoitlar yaratish hamda sohada shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan “Tashqi reklama” raqamli monitoring elektron tizimi joriy etiladi;

davlat mulki bo‘lgan yer uchastkalari, binolar hamda inshootlarda yangi o‘rnatiladigan tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) qurish huquqi uchun elektron onlayn-auksion yakunlari bo‘yicha to‘lov hamda tashqi reklama va axborot obyektlarida (konstruksiyalarida) tashqi reklamani joylashtirish (tarqatish) uchun yig‘im o‘rniga miqdori ochiq elektron auksion savdolari orqali belgilanadigan tashqi reklama va axborot obyektini (konstruksiyasini) o‘rnatish va unda reklamani joylashtirishga bo‘lgan huquq uchun yagona oylik yig‘im (keyingi o‘rinlarda — yig‘im) joriy etiladi;

davlat mulki bo‘lgan yer uchastkalarida, bino hamda inshootlarda tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) uchun reklama joyining pasporti hamda ularni o‘rnatish uchun shartnomalar ommaviy oferta shaklida “E-auksion” elektron savdo platformasining yagona elektron savdo maydonchasida auksion g‘olibiga avtomatik tarzda beriladi;

xususiylashtirilgan, ijaraga berilgan yoki nodavlat tashkilotlarga doimiy foydalanish huquqi asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalarida, shuningdek, xususiy mulk bo‘lgan binolar va inshootlarda hamda transport vositalarida (yo‘nalishlardagi avtobuslar bundan mustasno) tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish huquqini beruvchi reklama joyining pasporti O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi o‘rinlarda — YIDXP) axborot tizimi orqali beriladi.

2. Tashqi reklamani joylashtirish sohasini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tashqi reklamani joylashtirish sohasini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari bajarilishiga mas’ul etib belgilansin.

3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

ikki hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda — Qo‘mita) tomonidan taqdim etilgan namunaviy tartib asosida tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) xatlovdan o‘tkazish tartibini tasdiqlasin;

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi hamda Qo‘mita bilan birgalikda 2023-yil 1-dekabrga qadar manfaatdor tashkilotlarni jalb qilgan holda, tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) xatlovdan o‘tkazsin;

tashqi reklama va axborot obyektlarining (konstruksiyalarining) belgilangan tartiblarga muvofiq o‘rnatilganligi ustidan doimiy nazoratni ta’minlasin.

4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga tashqi reklama sohasiga oid vazifalarni samarali amalga oshirish maqsadida zaruratga ko‘ra 2024-yil 1-martga qadar tegishli mahalliy budjetlardan, 2024-yil 1-martdan boshlab ularning budjetdan tashqari jamg‘armalari hisobidan moliyalashtiriladigan tashqi reklamani muvofiqlashtirish bo‘linmalarini tashkil etish huquqi berilsin.

5. Belgilansinki:

a) amal qilish muddati belgilanmagan reklama joyi pasportlarining amal qilish muddati davlat mulki bo‘lgan bino va inshootlar uchun 2024-yil 1-dekabrgacha va yer uchastkalari uchun 2030-yil 1-dekabrgacha etib belgilansin. Bunda mazkur qoida quyidagi talablarga javob beradigan tashqi reklama obyektlariga tatbiq etiladi:

tashqi reklama bo‘yicha tegishli to‘lov va yig‘imlardan oxirgi besh yil muddat uchun qarzdorligi mavjud bo‘lmaganda yoki mavjud qarzdorlikni 9 oy muddatda har oyning 10-sanasigacha teng miqdorda bo‘lib to‘lash sharti bilan qoplash majburiyatini olganda. Bunda qarzdorlikni teng miqdorda bo‘lib to‘lash summasi har bir konstruksiya uchun Toshkent shahrida 100 BHMdan, qolgan hududlarda 50 BHMdan oshgan qarzdorlikka nisbatan birinchi to‘lovni qarzdorlik summasidan kamida 30 foiz miqdorida amalga oshirish sharti bilan qo‘llaniladi. Pasportlar bekor qilinganda, amalga oshirilgan to‘lovlar qaytarilmaydi;

reklama joyining pasporti va texnik xavfsizlik talablariga muvofiq o‘rnatilganligi haqida tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan vakolatli tashkilotning joriy yildagi xulosasi mavjud bo‘lganda;

reklamadan xoli hududlarda joylashtirilmaganda, jamoat transporti to‘xtash bekatlari bundan mustasno;

reklama joylashtirish huquqni belgilovchi hujjatlarning elektron nusxalari taqdim qilinganda;

v) ilgari berilgan reklama joyining pasport egalari tomonidan 2024-yil 1-dekabrga qadar ularni yangi shakldagi reklama joyining pasportiga almashtirish uchun YIDXP axborot tizimi orqali ariza topshiriladi.

Belgilansinki, ilgari berilgan reklama joyining pasportlari yangi shakldagi reklama joyining pasportiga almashtirilmaganda, ushbu pasportlar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi.

6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2023-yil 1-dekabrga qadar:

tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish va ulardan foydalanish qoidalari hamda ularni o‘rnatish chizmalari tasdiqlanishini ta’minlasin;

Qo‘mita bilan birgalikda tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish uchun shartnoma ommaviy ofertasining namunaviy shaklini ishlab chiqsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti (keyingi o‘rinlarda — Departament) bilan birgalikda 2023-yil 1-dekabrga qadar “Tashqi reklama” raqamli monitoring elektron tizimi (keyingi o‘rinlarda — elektron tizim) ishga tushirilishini ta’minlasin.

Bunda:

elektron tizimni joriy etish va texnik qo‘llab-quvvatlash uchun — Departament;

elektron tizim ishlashini ta’minlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish uchun — Raqamli texnologiyalar vazirligi mas’ul va javobgar hisoblanadi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda elektron tizim joriy etilishiga “Raqamli hudud” dasturi doirasida Departament huzurida tashkil etiladigan hududiy loyiha ofislari mas’ul etib belgilansin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining tashqi reklamani muvofiqlashtirish bo‘linmalari Departament huzuridagi hududiy loyiha ofislari bilan birgalikda elektron tizimni yuritsin.

Belgilansinki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining tashqi reklama joyining pasportlarini rasmiylashtirish va berish (imzolash) vazifasi yuklangan vakolati mansabdor shaxsi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari qarorlariga asosan belgilanadi.

8. Belgilansinki:

elektron tizimni ishga tushirish va texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash Departamentning mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

elektron tizim “E-auksion” elektron savdo platformasi va YIDXP axborot tizimiga integratsiya qilinadi;

elektron tizimdan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Qo‘mita, Departament, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan respublikaning barcha hududlarida bepul foydalaniladi;

tashqi reklama va axborot obyektlarida (konstruksiyalarida) tashqi reklama joyining pasportini tekshirish imkonini beruvchi maxsus QR-kod bo‘lishi shart;

davlat mulki bo‘lgan yer uchastkalariga tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish huquqini elektron onlayn-auksion savdolarida yutib olgan auksion g‘olibi bilan ushbu yer uchastkalari bo‘yicha alohida yer ijarasi shartnomasi tuzilmaydi;

davlat mulki bo‘lgan bino-inshootlarda tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish huquqini elektron onlayn-auksion savdolarida yutib olgan auksion g‘olibi bilan davlat mulki obyektlarini ijaraga berish shartnomasi ijaraga beruvchi va ijarachi o‘rtasida elektron shaklda (shu jumladan, elektron raqamli imzo orqali) soliq organlarining “E-Ijara” axborot tizimi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikki tomonlama tuziladi.

Bunda 2023-yil 1-dekabrdan boshlab ijara haqining stavkalari bir kvadrat metr uchun Toshkent shahrida bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar ma’muriy markazlarida 10 foizi hamda boshqa hududlarda 7 foizi miqdorida belgilansin.

9. Belgilansinki, 2023-yil 1-dekabrdan boshlab:

tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish va unda reklamani joylashtirishga bo‘lgan huquq elektron auksion savdolariga chiqarishning boshlang‘ich narxi tasdiqlangan yig‘im miqdorida belgilanadi;

tashqi reklama va axborot obyekti (konstruksiyasi) o‘rnatish va unda reklamani joylashtirishga bo‘lgan huquq elektron auksion savdolariga alohida yoki bir nechta obyektlardan iborat lot shaklida qo‘yiladi;

yig‘im Toshkent shahrida reklama maydonining (sathining) bir kvadrat metri uchun bazaviy hisoblash miqdorining 7 foizidan va boshqa hududlarda 5 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanadi. Bunda yig‘im xususiylashtirilgan, ijaraga berilgan yoki nodavlat tashkilotlarga doimiy foydalanish huquqi asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalari, shuningdek, xususiy mulk bo‘lgan binolar va inshootlardagi tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) uchun ham tatbiq etiladi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan tuman va shaharlarning iqtisodiy rivojlanishidan kelib chiqib, yig‘im miqdorini belgilash hamda ularga 0,5 dan 3,0 gacha bo‘lgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni qo‘llash tavsiya etiladi;

transport vositalarida (yo‘nalishlardagi avtobuslar bundan mustasno) reklamani joylashtirish uchun yig‘im miqdori ularning toifasidan kelib chiqib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan belgilanadi. Bunda yig‘im miqdori rasman e’lon qilinmagan va kuchga kirmagan taqdirda, mazkur davr uchun yig‘im undirishga yo‘l qo‘yilmaydi;

elektron tizim ishga tushirilgandan boshlab tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatishga bo‘lgan huquq uchun oylik yig‘imlardan tushadigan mablag‘lar 2-ilovaga muvofiq taqsimlanadi. Bunda yig‘imdan tushumni taqsimlashdan oldin “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasidagi maxsus hisobvarag‘iga o‘tkaziladigan Yagona billing tizimi orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun 0,5 foiz miqdordagi to‘lov chegirib qolinadi.

Belgilansinki, 2024-yil 1-dekabrdan boshlab transport vositalarida (yo‘nalishlardagi avtobuslar bundan mustasno) reklamani joylashtirish uchun yig‘im transport vositalarida tashqi reklamani o‘rnatish uchun reklama joyining pasportini berishda to‘lanadi. Bunda 2024-yil 1-dekabrga qadar berilgan transport vositalarida tashqi reklamani o‘rnatish uchun reklama joyining pasportlari uchun yig‘im 2025-yil 1-yanvarga qadar to‘liq to‘lanishi lozim.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasiga yig‘imni undirish choralarini ko‘rish vazifasi yuklansin.

10. Tashqi reklama va axborot obyekti (konstruksiyasi) egalarining axborot xavfsizligi yuzasidan mas’uliyatini oshirish va tashqi reklama sohasini tartibga solish maqsadida quyidagilar joriy etilsin:

tashqi reklama va axborot obyektlarida (konstruksiyalarida) siyosiy maqsadlarga mo‘ljallangan axborot faqat O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ro‘yxatga olingan siyosiy partiyalarning, respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlarning buyurtmasiga asosan joylashtiriladi;

yo‘l qatnov qismida joylashgan bino va inshootlarning tashqi qismida har qanday turdagi shaxsiy e’lonlarni joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi;

yuridik yoki jismoniy shaxs tomonidan boshqa yuridik va jismoniy shaxslar hamda jamoatchilik e’tiborini jalb qilish maqsadida joylashtirilgan, reklama tusiga ega bo‘lmagan, umumiy maydoni bir kvadrat metrdan ko‘p bo‘lgan e’lonlar tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) sifatida e’tirof etiladi hamda ular uchun belgilangan tartibda reklama joyining pasporti rasmiylashtiriladi.

11. Ijtimoiy axborotning aylanish sohasidagi barcha munosabatlarni tartibga soluvchi komissiya tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin va unga quyidagilar yuklansin:

ijtimoiy axborotning aylanish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish;

har yili 1-dekabrga qadar respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan keyingi yilda e’lon qilinadigan ijtimoiy axborot dasturini tasdiqlash;

respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan tayyorlangan ijtimoiy axborot joylashtiriladigan joylar va ularning grafigini tasdiqlash;

ijtimoiy axborotni tayyorlash va targ‘ibot jarayonlarini nazorat qilish;

ommaviy axborot vositalari, tashqi reklama va axborot tarqatuvchilar tomonidan ijtimoiy axborotni joylashtirish hamda tarqatish tartibini belgilash;

ijtimoiy axborot samaradorligi natijalari yuzasidan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (keyingi o‘rinlarda — Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi) ijtimoiy axborotning aylanish sohasidagi barcha munosabatlarni tartibga soluvchi komissiyaning ishchi organi etib belgilansin.

12. Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan ijtimoiy axborotni tayyorlash va tarqatish 4-ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshirilsin.

13. Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan ijtimoiy axborotni tayyorlash bo‘yicha shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:

a) tele va radiokanallarda namoyish etish (eshittirish) jarayonida joylashtiriladigan ijtimoiy axborot bo‘yicha:

respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar ijtimoiy axborotni tayyorlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligiga (keyingi o‘rinlarda — Kinematografiya agentligi) buyurtma beradi;

buyurtma asosida tayyorlanadigan ijtimoiy axborot ssenariysi muallifi (mualliflar jamoasi) va ssenariyga muvofiq ijtimoiy axborotni tasvirga oluvchi tashkilot alohida tanlov o‘tkazish orqali aniqlanadi;

har bir ijtimoiy axborot uchun Kinematografiya agentligi Badiiy kengashi tomonidan shakllantiriladigan ijtimoiy axborotning badiiy-g‘oyaviy mazmunini ko‘rib chiquvchi, zarur malaka va bilimga ega besh nafardan ortiq bo‘lmagan tarkibda alohida maslahatchilar guruhi tashkil etiladi. Bunda ushbu maslahatchilar guruhining a’zoligiga ijtimoiy axborotni ishlab chiqarish uchun buyurtma bergan tashkilotdan bir nafar xodim ajratiladi;

buyurtma asosida tayyorlanadigan ijtimoiy axborotning xarajatlar smetasi Kinematografiya agentligi tomonidan belgilangan talablarga mos keladigan auditorlik tashkilotining ekspertizasidan o‘tkaziladi;

ijtimoiy axborot moliyaviy-iqtisodiy xarajatlarining asosligiga auditorlik tashkilotining xulosasi asosida Kinematografiya agentligi huzurida faoliyat yurituvchi ekspertlar kengashi baho beradi;

respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar Kinematografiya agentligi tomonidan tayyorlangan ijtimoiy axborotni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan kelishilgan holda qabul qiladi;

b) tashqi reklama orqali yoki veb-saytlarning axborot resurslariga joylashtiriladigan ijtimoiy axborot bo‘yicha:

respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar ijtimoiy axborotni tayyorlash bo‘yicha buyurtmalarni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining maxsus axborot portaliga joylashtiradi;

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining maxsus axborot portali orqali ijtimoiy axborot bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan berilgan takliflar tanlov asosida tanlab olinadi;

tanlov yakunlari bo‘yicha tanlab olingan ijtimoiy axborotning muallifiga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravarigacha miqdorda pul mukofotlari to‘lab beriladi;

v) ijtimoiy axborotni tayyorlash bilan bog‘liq xarajatlar respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlarning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

14. Qo‘mitaning ommaviy axborot vositalari, tashqi reklama va axborotni tarqatuvchilar tomonidan ijtimoiy axborot belgilangan talablar asosida joylashtirilmaganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravarigacha miqdorda moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

15. Qo‘mita uch oy muddatda ushbu qarordan kelib chiqib, qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

16. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi uch oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda tashqi reklama orqali yoki veb-saytlarning axborot resurslariga joylashtiriladigan ijtimoiy axborotni tanlov asosida tanlab olishni ta’minlovchi maxsus axborot portalini ishga tushirsin.

17. Vazirlar Mahkamasining 5-ilovaga muvofiq ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

18. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Qo‘mita ommaviy axborot vositalarida ushbu qarorning maqsad va vazifalari keng yoritilishini tashkil etsin.

19. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov hamda O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi Sh.Sh. Sharaxmetov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

Toshkent sh.,

2023-yil 31-avgust,

428-son